AHOLI IMORATLARINI SUG‘URTALASH — AMALIY ISHLAR VA YANGI NATIJALAR!
“KAFIL-SUG‘URTA” AJ tomonidan aholi turar joylarini sug‘urtalash ko‘lamini kengaytirish, sug‘urta xizmatlarini aholiga yanada yaqinlashtirish hamda mazkur yo‘nalishda samarali mexanizmlarni amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda “Aholi imoratlarini sug‘urtalash” yo‘nalishi bo‘yicha “KAFIL-SUG‘URTA” AJ Bosh ofisi Sug‘urta xizmatlarini rivojlantirish departamenti direktori boshchiligida Nurafshon shahar filialida qator amaliy ishlar amalga oshirildi.
Dastlab Nurafshon shahar hokimligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, shahar hokimligi, Mahallalar uyushmasi hamda MFY raislari ishtirokida maxsus o‘quv-seminar tashkil etildi. Unda aholi imoratlarini sug‘urtalashning mazmun-mohiyati, uning aholi, hudud va mahalliy budjet uchun afzalliklari batafsil tushuntirildi. Tajriba-sinov hududi sifatida “Qumariq” MFY tanlab olindi.
Keyingi bosqichda yangi sug‘urta agentlarini jalb qilish va tayyorlash ishlari olib borildi. 20 nafardan ortiq nomzod bilan suhbat o‘tkazilib, ulardan 4 nafar eng faol nomzod tanlab olindi. Ular uchun maxsus o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilib, sug‘urta mahsuloti shartlari hamda elektron tizimda ishlash bo‘yicha zarur ko‘nikmalar berildi. Agentlar xizmat faoliyati uchun zarur vositalar bilan ham ta’minlandi.
8-sentabr kuni “Qumariq” MFYda bevosita amaliy targ‘ibot va sug‘urtalash ishlari boshlandi. Kun davomida agentlar va mutaxassislar tomonidan 96 ta xonadonga tashrif buyurilib, fuqarolarga sug‘urtaning afzalliklari va imkoniyatlari tushuntirildi.
Natijada ilk kunning o‘zidayoq 21 ta xonadon sug‘urtalandi. Har bir shartnoma bo‘yicha sug‘urta summasi 50 mln so‘m, sug‘urta mukofoti esa 100 ming so‘mni tashkil etdi. Bu tajriba-sinov loyihasining dastlabki bosqichidagi muhim natijalardan biri bo‘ldi.
Shuningdek, amaliyot davomida bildirilgan takliflar asosida e.kafil.uz platformasidagi “E-imorat” bo‘limi yanada soddalashtirildi va takomillashtirildi. Endilikda bitta sug‘urta shartnomasini rasmiylashtirish uchun o‘rtacha 5 daqiqa vaqt talab etiladi. Ko‘chmas mulkning fotosuratlarini tizimga joylashtirish imkoniyati ham yaratildi.
Bugungi kunda shakllantirilgan agentlar guruhi belgilangan grafik asosida mahallalarda sug‘urtalash va targ‘ibot ishlarini izchil davom ettirmoqda.
Mazkur tajriba-sinov loyihasi aholining sug‘urta madaniyatini oshirish, xizmatlardan foydalanishni soddalashtirish va sug‘urtani har bir xonadonga yanada yaqinlashtirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.