Talabalar bilan amaliy muloqot va kasbiy yo‘naltirishga qaratilgan uchrashuvlar davom etmoqda
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Toshkent Kimyo xalqaro universitetining Samarqand filiali hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida “KAFIL-SUG‘URTA” AJ vakillari ishtirokida “Workshop” uchrashuvlari tashkil etildi.
Uchrashuvlar davomida talabalarga sug‘urta sohasining zamonaviy faoliyat yo‘nalishlari, nazariy bilimlarni amaliyot bilan mustahkamlash imkoniyatlari, bitiruvoldi malakaviy amaliyotlarini samarali tashkil etish hamda sohada faoliyat boshlash uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan “KAFIL-SUG‘URTA Granti” tanlovi, pullik va bepul stajirovka dasturlari, istiqbolli yosh mutaxassislarni rag‘batlantirish hamda innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Mazkur tadbirlarda jamiyatimizning Samarqand viloyati filiali direktori J. Musayev, Malaka oshirish departamenti menejer kichik assistenti Sh. Mamadaliyev hamda “Sarbon” filiali menejer assistenti U. Pirimqulovlar faol ishtirok etishdi.
Bunday uchrashuvlar talabalarning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan boyitish, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda kelgusidagi faoliyatiga to‘g‘ri yo‘nalish berishda muhim ahamiyat kasb etadi.